Odamlar orasida(o`zlari) ilmsiz ravishda Allohning yo`lidan adashtirish uchun va u(yo`l)ni istehzo qilish uchun behuda so`zni sotib oladigan kimsalar ham bor. Ana o`shalarga, o`zlariga xorlovchi azob bor.1
Qachon unga Bizning oyatlarimiz tilovat qilinsa, xuddi ularni eshitmagandek, xuddi qulog`ida og`irlik bordek, mutakabbirlik bilan ortga qarab ketar. Bas, unga alamli azobning bashoratini ber.
U, siz ko`rib turganingizdek, osmonlarni ustunsiz yaratgan, sizlarni tebratmasligi uchun yer yuziga og`ir tog`larni tashlagan va u(er)da har turli jonivorlarni taratib qo`ygan Zotdir. Va osmondan suv tushirib, u bilan u(er yuzi)da turli go`zal va karamli juftlarni o`stirib qo`ydik.1
Batahqiq, Biz Luqmonga: «Allohga shukr qil. Kim shukr qilsa, o`zi uchun qiladir. Kim noshukrlik qilsa, bas, albatta, Alloh behojat va maqtalgan Zotdir», deb hikmatni berdik.1
Agar ikkovlari seni o`zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga zo`rlasalar, bas, ularga itoat etma! Va dunyo-da ikkovlariga yaxshilik qil hamda Menga yo`nalganlarning yo`liga ergash. So`ngra qaytishingiz faqat Mengadir. Bas, Men sizga nima amal qilganingiz xabarini berurman.
«Ey o`g`ilcham, albatta, u (amal) agar achitqining bir dona urug`icha bo`lsa-yu, u bir qoya tosh ichida yoki osmonlarda yoxud yerda bo`lsa ham, Alloh uni keltirur. Albatta, Alloh o`ta lutfli va o`ta xabardor Zotdir.»
Alloh sizlarga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni beminnat xizmatkor qilib qo`yganini va sizga zohiriy va botiniy ne'matlarni mukammal qilib berganini bilmadingizmi?! Odamlar orasida ilmsiz, hidoyatsiz va ravshan kitobsiz (bo`la turib) Alloh haqida tortishadiganlari ham bor.1
Qachon ularga: «Alloh nozil qilgan narsaga ergashinglar», deyilsa: «Yo`q! Biz otalarimizni nimaning ustida topsak, o`shanga ergashurmiz», derlar. Agar shayton ularni do`zax azobiga chaqirayotgan bo`lsa ham-a?!
Kim go`zal amallarni qilguvchi bo`lgan holida Allohga yuz tutsa, batahqiq, u ishonchli arqonni mahkam tutibdi. Ishlarning oqibati faqat Allohga qaytur.1
Kim kufr keltirsa, uning kufri seni xafa qilmasin. Qaytishlari faqat Bizgadir. Bas, Biz ularga nima amal qilganlari xabarini berurmiz. Albatta, Alloh qalblardagi narsalarni o`ta bilguvchidir.
Agar yer yuzidagi daraxtning barchasi qalamlar bo`lib, dengiz — uning ortida yetti dengiz madad berib turib — (siyoh) bo`lsa ham, Allohning kalimalari bitmas. Albatta, Alloh Aziyz va Hakiymdir.
Sizlarni yaratish ham, qayta tiriltirish ham faqat bir jonni (yaratish va qayta tiriltirish) kabidir. Albatta, Alloh o`ta eshitguvchi va o`ta ko`rguvchidir.
Alloh kechani kunduzga kiritishini va kunduzni kechaga kiritishini, quyosh va oyni beminnat xizmatkor qilib qo`yganini, ularning har biri belgilangan muddat tomon yurishini va, albatta, Alloh nima amal qilayotganingizdan xabardor ekanini ko`rmadingmi?!
Kemalar Allohning ne'mati ila sizga Uning oyat-belgilarini ko`rsatish uchun dengizda yurganini ko`rmadingmi?! Albatta, bunda har bir o`ta sabrli va o`ta shukrlilar uchun oyat-belgilar bordir.
Qachon ularni tog` kabi to`lqin o`rab qolsa, Allohning diniga ixlos ertaroq, duo qilurlar. Najot berib, ularni quruqlikka chiqarsa, ba'zilari tejamkor bo`lur. Bizning oyatlarimizni faqat o`ta xoin va o`ta kofirlargina inkor eturlar.1
يا ايها الناس اتقوا ربكم واخشوا يوما لا يجزي والد عن ولده ولا مولود هو جاز عن والده شييا ان وعد الله حق فلا تغرنكم الحياة الدنيا ولا يغرنكم بالله الغرور ٣٣
Ey odamlar! Robbingizga taqvo qiling va ota bolasiga foyda bera olmaydigan, bola otasiga biror narsada foyda berguvchi bo`lmaydigan Kundan qo`rqing. Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Bas, hayoti dunyo sizni g`ururga ketkazmasin. O`ta g`ururga ketkazguvchi sizni Alloh ila g`ururga ketkazmasin.1
Albatta, qiyomat soati ilmi yolg`iz Allohning huzuridadir. Yomg`irni U yog`dirur. Bachadonlardagi narsani ham U bilur. Hech bir jon ertaga nima kasb qilishini bilmas. Hech bir jon qaysi yerda o`lishini ham bilmas. Albatta, Alloh o`ta bilguvchi va o`ta xabardordir.1