Yoki, uning o`zi to`qib olgan, derlarmi?! Yo`q! U sendan oldin o`zlariga hech ogohlantirguvchi kelmagan qavmni ogohlantirishing uchun Robbingdan (kelgan) haqdir. Shoyadki, ular hidoyat topsalar.
Alloh osmonlaru Yerni va ular orasidagi narsalarni olti kunda yaratib, so`ngra (Zoti va ulug`ligiga munosib suratda) Arshga yuksalgan Zotdir. Siz uchun undan o`zga do`st ham, shafoatchi ham yo`qdir. Axir, eslamaysizlarmi?!1
Ular: «Biz yer ostida yo`q bo`lib ketgach ham, yana yangitdan yaratilamizmi?!» derlar. Yo`q! Ular Robbilariga ro`baro` bo`lishni inkor qilguvchilardir.
Gunohkorlarning Robbilari huzurida boshlarini egib turib: «Ey Robbimiz, ko`rdik, eshitdik. Bas, bizni ortga qaytar, yaxshi amal qilamiz. Albatta, biz ishonib yetdik», deyishlarini ko`rsang edi.
Agar xohlaganimizda, har bir jonga o`z hidoyatini berar edik. Lekin Mendan: «Albatta, jahannamni jinlar va odamlarni jamlab to`ldirurman», degan so`z haq bo`ldi.1
«Bas, totib ko`ringlar, ushbu kuningizda uchrashuvni unutganingiz tufayli Biz ham sizni unutdik. Qilib o`tgan amallaringiz tufayli mangu azobni toting!» deyilur.
Albatta, Bizning oyatlarimizga ular-la eslatma berilganda sajdaga yiqiladigan, Robbilariga hamd ila tasbih aytadigan va mutakabbirlik qilmaydiganlargina iymon keltirurlar.1
Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo`lur. Ular Robbilariga qo`rquv va umidvorlik ila duo qilurlar va o`zlariga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq qilurlar.
Ammo fosiqlik qilganlar esa, bas, ularning joylari do`zaxdir. Har qachon undan chiqmoqni iroda qilsalar, unga qaytarilurlar va ularga: «O`zingiz yolg`onga chiqargan do`zaxning azobini toting», deyilur.1
Robbining oyatlari ila eslatilgan, so`ngra ulardan yuz o`girgan odamdan ham zolimroq odam bormi?! Albatta, Biz jinoyatchilardan intiqom olguvchilarmiz.
O`zlaridan oldin o`tgan, maskanlarida yurib turgan qanchadan-qancha asrlarni halok qilganimiz ularni hidoyatga boshlamadimi?! Albatta, bunda oyat-belgilar bordir. Eshitmaydilarmi?!