Kechayu kunduzning almashib turishida, Alloh osmondan rizq nozil qilib, uning ila yerni o`limidan keyin tiriltirishida va shamollarning yo`nalishida aql yuritadigan qavm uchun oyat(belgi)lar bor.
U o`ziga tilovat qilingan Allohning oyatlarini eshitadi-yu, so`ngra, xuddi eshitmagandek, mutakabbirlik qilib turib olur. Bas, unga alamli azob xushxabarini ber.
Va ortlarida jahannam bor. Ularga kasb qilgan narsalari ham, Allohni qo`yib tutgan «do`stlari» ham hech bir narsada asqotmas. Ularga ulkan azob bordir.
Alloh sizga dengizni unda O`z amri bilan kemalar yurishi uchun va siz Uning fazlidan istashingiz uchun bo`ysundirib qo`ydi. Shoyadki, shukr keltirsangiz.
Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni — hammasini O`z tomonidan bo`ysundirib qo`ydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat(belgi)lar bordir.
Sen iymon keltirganlarga ayt. Allohning kunlaridan umidvor bo`lmaydiganlarni kechirsinlar. Toki, U zot bu qavmni kasb qilib yurgan narsalari uchun mukofotlasin.1
Va Biz ularga (din) ishi haqida ochiq-oydin bayonotlar berdik. Bas, ular o`zlariga ilm kelganidan so`ng o`zaro hasad-adovat qilibgina ixtilofga tushdilar. Albatta, Robbing qiyomat kuni ular orasida ixtilof qilgan narsalari haqida hukm chiqarur.
Albatta, ular sendan Alloh tomonidan bo`ladigan hech bir narsani arita olmaslar. Va, albatta, zolimlar bir-birlariga do`stdirlar. Alloh taqvodorlarning do`stidir.
Nahotki, yomonliklarni qilganlar ularni iymon keltirib, solih amallar qilganlarga o`xshash qilmog`imizni, hayotlari ham, mamotlari ham barobar bo`lishini gumon qilsalar?! Ularning qilgan hukmi naqadar ham yomon!1
Ayting-chi, havoyi nafsini iloh qilib olgan, Alloh uni bilib turib zalolatga solgan va qulog`iga hamda qalbiga muhr bosib, ko`ziga parda tortib qo`ygan kimsani Allohdan boshqa kim hidoyat qila oladir?! Eslamaysizlarmi?!
Ular: «U (hayot) faqat bu dunyodagi hayotimizdir. O`lamiz, tirilamiz, bizni faqat zamon halok qiladi», derlar. Ularning bu haqda ilmlari yo`q. Ular faqat gumon qiladilar, xolos.1
Har bir ummatni tiz cho`kkan holida ko`rursan. Har bir ummat o`z nomai a'moliga chaqirilur: «Bugungi kunda qilib yurgan amallaringizning jazosi (ajri)ni olursiz».1
Vaqtiki: «Albatta, Allohning va'dasi haqdir va soat (qiyomat)da shubha yo`qdir», deyilsa, «Soat(qiyomat) nima ekanini bilmasmiz. Biz faqat gumon qilamiz, xolos. Biz aniq ishonguvchi emasmiz», dedingiz» (deyilur).1
«Bugungi kunda xuddi siz ushbu kuningizga ro`baro` bo`lishni unutganingizdek, Biz ham sizni unuturmiz. Joyingiz jahannamdir va sizlarga hech yordamchilar yo`q.
Bunday bo`lishingiz, albatta, sizning Allohning oyatlarini masxara qilib olganingiz va sizni dunyo hayoti g`ururga ketkazgani uchundir», deyildi. Bas, bugungi kunda ular u(jahannam)dan chiqarilmaslar va ular itobga ham qaytarilmaslar.1